Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalar o‘rganildi
2026 yilning 17–18 sentyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoringlarda Ombudsman huzuridagi Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash hollarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi aʼzolari ham ishtirok etdi.

17 sentyabr kuni Muborak tumanidagi 33-son manzil-koloniyasi, Koson tumanidagi 10-son jazoni ijro etish koloniyasi, Koson tumani Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasi, hamda Qarshi shahridagi 5-son tergov hibsxonasi o‘rganildi.

18 sentyabrdagi monitoring Qarshi shahridagi 35-son manzil koloniyasidan boshlandi. Shu kuni Qarshi shahridagi 3 va 2-son jazoni ijro etish koloniyalari, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati bo‘yicha Qashqadaryo viloyati filialidagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Tashriflar davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash va ovqatlanish sharoitlari, tibbiy xizmatdan foydalanishi, mehnatga jalb etilishi, yaqinlari bilan uchrashuv va telefon orqali muloqot qilish huquqlarining taʼminlanishi, sanitariya-gigiyena holati hamda videokuzatuv vositalarining ishlashi o‘rganildi.

Shuningdek, ushbu muassasalarga joylashtirilgan "Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirildi hamda  saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va holi tarzda, muassasa xodimlarining ishtirokisiz sayyor qabullar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi.

2 va 3-son jazoni ijro etish koloniyalarida Davlat rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Ushbu muassasalarda 30 yoshgacha bo‘lgan mahkumlarga axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘rgatilmoqda. Loyiha yoshlarning zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni egallashi, ozodlikka chiqqanidan so‘ng ishga joylashishi hamda ijtimoiy hayotga moslashishiga ko‘maklashishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur muassasalarda mahkumlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham o‘tkazildi.

Monitoring davomida Koson tumani Ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash hibsxonasida yuvinish xonalari mavjud emasligi, kameralardagi yashash sharoitlari qoniqarsizligi hamda belgilangan jihozlar bilan taʼminlanmaganlik holatlari aniqlandi.

Shuningdek, 10-son jazoni ijro etish koloniyasida saqlanayotgan mahkumlar sonini inobatga olgan holda, ularning yaqinlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar o‘tkazishi uchun xonalar sonini ko‘paytirish zarurati qayd etildi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga taklif va tavsiyalar taqdim etiladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib sharoitlarni taʼminlash yuzasidan tegishli tashkilotlarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritiladi.

Qayd etish lozimki, Qarshi shahar vaqtincha saqlash hibsxonasida  Ombudsman tomonidan ilgari berilgan tavsiyaga muvofiq, binoni kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Buning uchun 2026 yilda  Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli dastur tasdiqlanib, 2 mlrd 376 so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati