Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, holat Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi jalb etilgan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bir necha xodim tashkilot binosi va hovlisida qurilish ishlari yakunlari bo‘yicha tozalash ishlariga jalb qilingani va xodimlarni “Open budget” portalidagi tashabbusga majburiy ovoz yig‘ishga jalb qilish holatlari maʼlum bo‘ldi.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar asosida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mazkur holatlarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5-moddasi talablari buzilgani aniqlandi.
Natijada murojaatda ko‘rsatilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari G.A.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, yaʼni 20 mln 600 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Qayd etish lozimki, qonunchilikka ko‘ra, xodimni uning mehnat vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburiy jalb qilish, shuningdek, mehnat munosabatlari doirasida har qanday shaklda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






