Murojaat asosida mahkum bilan uchrashilib, unga nisbatan berilgan xulosa va uning asoslari Ombudsman Devoni xodimlari tomonidan o‘rganildi. Xulosada moddiy zarar va qoplangan mablag‘ miqdoriga oid maʼlumotlar rasmiy hujjatlarga muvofiq emasligi, shuningdek, mahkumga avval eʼlon qilingan rag‘batlantirish inobatga olinmagani aniqlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdimnoma kiritildi.
Taqdimnoma asosida xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llash masalasini Intizomiy kengashda ko‘rib chiqish belgilandi.
Shundan so‘ng, mahkum K.B.ning holati qonunchilikda belgilangan mezonlar asosida, komissiya aʼzolarining to‘liq ishtirokida qayta ko‘rib chiqildi. Natijada unga tuzalish yo‘liga o‘tganligi haqida xulosa berildi.
Keyinchalik mahkumga oid materiallar sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, mahkum K.B.ning o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazosi Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan shu muddatga boshqa yengilroq jazoga o‘zgartirilib, u jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






