Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Trening mashg‘ulotlariga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari ham jalb etildi.
Bugun sunʼiy intellekt texnologiyalari turli sohalar qatori inson huquqlarini himoya qilish sohasiga ham tobora chuqur kirib bormoqda. Katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, hujjatlar bilan ishlash, murojaatlarni tizimlashtirish va axborotni tezkor qayta ishlash kabi imkoniyatlar inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, sunʼiy intellektdan foydalanish shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, kamsitishga olib keluvchi algoritmik qarorlar, axborot xavfsizligi, shaffoflik va inson nazoratini taʼminlash kabi qator huquqiy va axloqiy masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Shu bois ushbu texnologiyalardan foydalanishda inson huquqlariga asoslangan va masʼuliyatli yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikki kunlik seminar davomida ishtirokchilar uchun sunʼiy intellekt asoslari va uning inson huquqlariga taʼsiri, sunʼiy intellekt va xalqaro inson huquqlari standartlari, shuningdek, inson huquqlari sohasida ishlashda sunʼiy intellekt tizimlariga samarali so‘rovlar — promptlar berish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Xususan, ishtirokchilar sunʼiy intellektga asoslangan vosita yoki qarorni amaliyotga joriy etishdan oldin uning inson huquqlariga ehtimoliy ijobiy va salbiy taʼsirini baholash, xavflarni oldindan aniqlash va ularni kamaytirish mexanizmlari bilan tanishdilar. Amaliy mashg‘ulotlarda ushbu yondashuvlarni inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Trening davomida BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Istanbul mintaqaviy markazi vakili Aynura Bekkoyenova, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili Omer Fisher, shuningdek, xalqaro ekspertlar Devid Mark va Mindiya Vashakmadze ishtirokchilarga sunʼiy intellektdan kundalik professional faoliyatda samarali va masʼuliyatli foydalanish bo‘yicha nazariy bilim va amaliy tavsiyalar berishdi.
O‘quv mashg‘ulotlari savol-javoblar, amaliy topshiriqlar va o‘zaro fikr almashish shaklida tashkil etildi. Unda sunʼiy intellekt inson huquqlarini himoya qilishda mutaxassis o‘rnini bosuvchi emas, balki uning tahliliy imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida qo‘llanilishi, bunda yakuniy qaror va masʼuliyat inson zimmasida qolishi muhimligiga eʼtibor qaratildi.
O‘zaro savol-javob va qiziqarli interaktiv o‘yinlar orqali tashkil etilgan 2 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






