Monitoring tashriflarida qayd etilgan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganligi hamda saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv hamda tintuv, tergov va advokatlar xonalari, shuningdek, sayilgohdagi shart-sharoitlar, muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining holati ko‘zdan kechirildi.
6-son tergov hibsxonasida monitoring kuni 548 nafar shaxs, jumladan, 11 nafar voyaga yetmagan shaxs saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi. Muassasaning yangi binosi foydalanishga topshirilgani sababli saqlash sig‘imi bilan bog‘liq masala bartaraf etilgan.
Muassasada parhez taomlariga ehtiyoji bo‘lgan 11 nafar shaxs uchun alohida ovqat tayyorlanishi, voyaga yetmaganlarga haftasiga ikki marta ingliz tili va umumtaʼlim fanlari o‘qitilishi maʼlum bo‘ldi.
6-son JIEKda mehnatga layoqatli mahkumlarning qariyb 90 foizi 21 ta yo‘nalishda mehnatga jalb etilgani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, 19 ta yo‘nalish bo‘yicha kasbga o‘qitish kurslari hamda rus, ingliz va koreys tillarini o‘rgatish mashg‘ulotlari tashkil etilgan.
Viloyat IIB VSHda o‘rnatilgan 98 ta videokuzatuv kamerasi ishchi holatda ekani, tibbiyot xodimi doimiy faoliyat yuritayotgani, sud majlislarini masofadan o‘tkazish imkonini beruvchi xonalar mavjudligi qayd etildi.
Biroq, viloyat IIB Maxsus qabulxonasi 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, monitoring kuni u yerda belgilanganidan ortiq shaxs saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Norin tumani tibbiyot birlashmasi tarkibidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktida sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik taʼminot bilan bog‘liq qator kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, yotoq anjomlari va ayrim xonalarning holati talabga javob bermasligi, zarur dori vositalari yetishmasligi va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari xavfsizligini taʼminlash choralarini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tavsiyalar berildi. Natijada monitoringda qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etildi.
Tashriflar davomida barcha muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va holi tarzda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi. Shuningdek, muassasalarda o‘rnatilgan «Ombudsman quti»lari ochilib, ulardagi murojaatlar ko‘rib chiqish uchun olib ketildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






