Murojaatlarning 28,4 % iqtisodiy, 21,8 % ijtimoiy, 21,7 % shaxsiy, huquqlarga oid. 12 % esa harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar bilan bog‘liq masalalarga, 7,7 % xotin-qizlar va bolalar huquqlariga, 0,7 % ekologik huquqlarga va 7,7 % boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.
Murojaatchilarning 42,6 % ni xotin-qizlar, 57,4 % ni erkaklar tashkil etdi.
Hisobot davrida murojaatlarni ko‘rib chiqish va monitoringlar yakunlari bo‘yicha davlat organlari hamda tashkilotlari va sudlarga Ombudsmanning 70 ta taʼsir chorasi kiritildi. Jumladan, 27 ta daʼvo arizasi, 18 ta xulosa, 17 ta taqdimnoma, 7 ta talabnoma va 1 ta ogohlantirish yuborildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 12 holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 26 mlrd 849 mln so‘mni tashkil etdi. Shundan, 25 mlrd 937 mln so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.
Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 304 mln 606 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirildi.
Ombudsman so‘roviga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 435,9 mln. so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlandi.
Fuqarolarning 171,2 mln so‘mdan ortiq noreal qarzdorliklari bartaraf etilishi taʼminlandi.
Shuningdek, 4 nafar fuqaroning yer uchastkalariga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi.
Murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, inson huquqlarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan 14 nafar masʼul xodim xayfsan, jarima, lavozimidan ozod etish kabi intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan
Zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar murojaatlari o‘rganilib, 8 nafar fuqaroga himoya orderi berildi va 5 nafar zo‘ravonga IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
2026 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Tashriflarning 134 tasi jazoni ijro etish koloniyalarida, 67 tasi tergov hibsxonalarida, 81 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 47 tasi maxsus qabulxonalarda va 87 tasi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida o‘tkazildi. Qolgan 105 ta tashrif reabilitatsiya va narkologiya markazlari, ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari hamda “Sahovat” va “Muruvvat” uylarida amalga oshirildi.
Monitoringlar davomida 4 mingga yaqin shaxs bilan jamoaviy, 1 751 nafar shaxs bilan esa holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Monitoring tashriflarida yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni saqlash, yashash va ovqatlanish sharoitlari, tibbiy xizmat sifati, mehnat qilish imkoniyatlari, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, taʼlim-tarbiya hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati o‘rganildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 23 ta taʼsir chorasi — 10 ta taqdimnoma, 7 ta talabnoma va 6 ta xulosa kiritildi.
Ularni ko‘rib chiqish natijasida 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasining intizomiy bo‘linmasi va qisqa muddatli uchrashuv xonasini taʼmirlash uchun 260 mln so‘m, Toshkent viloyatining Bekobod, Chirchiq va Nurafshon shaharlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 212 mln 664 ming so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, Andijon viloyatida maʼmuriy qamoqqa olingan 360 nafar shaxsni qabul qilish va saqlashga mo‘ljallangan qo‘shimcha maxsus qabulxona qurish belgilandi.
Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlaridan 1 227 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 212 tasi, yaʼni 17,3 % bevosita yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar tomonidan yo‘llangan.
Murojaatlarning asosiy qismi surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari, sud hukmlari, jazoni yengillashtirish yoki muddatidan oldin ozod etish, tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarga tegishli.
Surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan norozilik mazmunida kelib tushgan shikoyatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 5 ta qaror barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, bekor qilingan va 12 ta holatda xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
1 ta holatda IIB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mahkumlarning oila aʼzolariga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq murojaatlar natijasida esa 12 ta oilaga tegishli hokimliklar tomonidan iqtisodiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishida
2026 yilning birinchi yarim yilligida 42 ta qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjat loyihasi inson huquqlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Shundan 16 ta loyiha bo‘yicha 34 ta taklif ishlab chiqilib, masʼul tashkilotlarga kiritildi.
Shuningdek, fuqarolar murojaatlari tahlili asosida Parlamentga 5 ta hamda davlat idoralari va mahalliy hokimliklarga 5 ta tahliliy maʼlumot hamda huquqiy-tahliliy xulosalar kiritildi. Shu bilan birga 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, bittasi qonunchilik tashabbusi huquqi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






