Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197⁴-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Ombudsman tomonidan kiritilgan talabnomani mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqmasdan qoldirish, uni ko‘rib chiqish muddatini uzrli sabablarsiz buzish yoki talabnoma yuzasidan bila turib ishonchsiz maʼlumot taqdim etish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 32-moddasiga ko‘ra, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan qiynoqqa solish hollarini bartaraf etish hamda ushbu hollarning oldini olish maqsadida Ombudsman tomonidan tegishli tashkilotlarga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan talabnoma kiritiladi.
Mazkur talabnoma tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi hamda ko‘rilgan choralar haqida Ombudsmanga, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, o‘n kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar qilinishi shart.
Muhokama jarayonida senatorlar ushbu Qonun inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yana-da mustahkamlash, Ombudsman taʼsir choralarining amaliy natijadorligini oshirish hamda mansabdor shaxslarning masʼuliyatini kuchaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






