Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasidan so‘ng mahkumlar mehnat qilayotgan obyektlardagi sharoitlar yaxshilandi
Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili poytaxtda joylashgan 51-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning ish bilan ta’minlanganligi hamda ular mehnat qilayotgan ishlab chiqarish obyektlaridagi sharoitlarni o‘rgangan edi.

Monitoring davomida koloniya ma’muriyati 5 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan shartnoma tuzgani va 208 nafar mahkum mehnatga jalb etilgani aniqlandi. O‘rganilgan 5 ta obyektning 3 tasida sanitariya-gigiyena, ovqatlanish va tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari, mehnat muhofazasi hamda mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvlarini tashkil etish bilan bog‘liq qator kamchiliklar qayd etildi.

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdimnoma kiritildi.

Departament javob xatiga ko‘ra, taqdimnoma asosida ikkita ishlab chiqarish obyektida mahkumlarning yuvinish va ovqatlanish joylari tozalanib, dezinfeksiya qilindi. Yuvinish xonalarida ta’mirlash va santexnika ishlari bajarilib, ular doimiy issiq va sovuq suv ta’minotiga ulandi.

Shuningdek, mahkumlar uchun belgilangan nonushta, tushlik va kechki ovqat ratsionlari qayta ko‘rib chiqilib, tegishli qo‘shimchalar kiritildi. Issiq havoda oziq-ovqat mahsulotlarining buzilishining oldini olish maqsadida qo‘shimcha muzlatkichlar o‘rnatildi.

Yaqin qarindoshlar bilan qisqa muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun alohida xona tashkil etildi. Uzoq muddatli uchrashuvlarni manzil-koloniyada o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiy yordam qutichalari birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari bilan to‘liq ta’minlandi. Mahkumlarning mehnatini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini saqlash maqsadida ularga zarur himoya vositalari, nimchalar va bir martalik niqoblar berildi.

Monitoringda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan uchinchi ishlab chiqarish obyekti bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi.

Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun Departament tomonidan ishlab chiqarish obyektlariga biriktirilgan xodimlarning mas’uliyatini oshirish va koloniya rahbarlari tomonidan sharoitlarni doimiy nazorat qilib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.