Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida monitoring o‘tkazildi
2026 yilning 24 iyul kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) boshchiligida uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi aʼzolari Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring davomida mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlari taʼminlanishi, ular uchun yaratilgan yashash va maishiy sharoitlar, tibbiy xizmat ko‘rsatish, oziq-ovqat taʼminoti, mehnat qilish hamda yaqinlari bilan uchrashish huquqlarining taʼminlanish holati o‘rganildi. Muassasadagi kutubxona va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi ham ko‘zdan kechirildi.

Koloniyada faoliyat yuritayotgan 16 ta ishlab chiqarish sexi ko‘zdan kechirildi. Ularda mahkumlarning 95 foizi foydali mehnatga jalb etilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, sexlarda yaratilgan mehnat sharoitlari, texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi, mahkumlarning zarur shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanganligi hamda ish haqlarining o‘z vaqtida to‘lanishi holati o‘rganildi.

Shuningdek, Ombudsman tavsiyasi asosida koloniyada 28 ta uzoq muddatli uchrashuv xonasi tashkil etilgani qayd etildi. Tashrif chog‘ida mahkumlarni ko‘rish uchun kelgan yaqinlari bilan ham suhbatlashildi. Ular xonalardagi sharoitlarni ijobiy baholab, mahkumlarga oila aʼzolari, jumladan farzandlari bilan birga vaqt o‘tkazish imkoni yaratilganini bildirishdi. Shuningdek, yaqinining holatini bevosita ko‘rish ularga xotirjamlik berishini aytib, yaratilgan sharoitlar uchun davlat rahbari va koloniya maʼmuriyatiga minnatdorlik bildirishdi.

Mazkur koloniyada davlat rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Loyiha doirasida axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari ishtirokida 100 nafardan ortiq mahkum test sinovlaridan o‘tkazilib, ulardan 30 nafari o‘qish uchun tanlab olingan.

Ayni paytda ular uchun axborot texnologiyalari va ingliz tili bo‘yicha 8–9 oylik o‘quv kurslari tashkil etilgan. O‘quv davrida ushbu mahkumlar mehnatga jalb etilmaydi. Ozodlikka chiqqanidan so‘ng esa ularni ishga joylashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Tashrif doirasida muassasada o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, ular orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi. Mahkumlar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Maʼlumot uchun: 2026 yilning birinchi yarmida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 521 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida 491 tani, 2024 yilning birinchi yarmida esa 452 tani tashkil etgan.

Monitoringlar doirasida qariyb 4 ming nafar shaxs bilan jamoaviy hamda 1 751 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Tashriflar davomida shaxslarni saqlash sharoitlari, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, taʼlim-tarbiya jarayonlari hamda boshqa masalalar o‘rganildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnoma, talabnoma va xulosa shaklidagi jami 23 ta taʼsir chorasi kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakunlari asosida tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati