Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar salomatligi bilan bog‘liq xabarlar o‘rganildi
Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida, shu jumladan, Podrobno.uz saytida Toshkent viloyatidagi Jazoni ijro etish departamentining Markaziy tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarning salomatligi bilan bog‘liq holatlar haqida tarqalgan hamda Ombudsman tomonidan holatni o‘rganish so‘ralgan xabarlar yuzasidan quyidagilar maʼlum qilinadi.

Xabarlarda qayd etilgan holatlar yuzasidan mazkur hibsxonada saqlanayotgan mahkum va mahbuslardan yoki ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga murojaat kelib tushmagan.

Internet tarmoqlarida tarqalgan mazkur xabarlar Ombudsman nazoratiga olinib, holat joyiga chiqqan holda Ombudsman Devoni xodimlari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida hibsxonaning oziq-ovqat ombori, tayyorlanayotgan ovqatlar, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanish sharoitlari, nazorat namunalari hamda sanitariya holati ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, muassasaning tibbiyot xodimlari, masʼul shaxslari va saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Suhbat jarayonida, baʼzi saqlanayotgan shaxslar ularda ich ketish (diareya) holatlari kuzatilgani va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilganini bayon qilishdi.

Mazkur holatni malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda to‘laqonli o‘rganish va holat tasdiqlangan taqdirda tegishli tizimli choralarni ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vazirligiga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga Ombudsman so‘rovi kiritildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati