Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent shahridagi qator muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan 21-son Jazoni ijro etish koloniyasi, 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona, 51-son Manzil-koloniya va uning ishlab chiqarish obyektlari, 1- va 2-sonli “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylari, Toshkent shahar majburiy davolash narkologiya shifoxonasi, Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar va Ruhiy kasalliklar klinik shifoxonalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Xususan, yotoq va yuvinish joylari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat va dori-darmon taʼminoti, madaniy hordiq chiqarish va kutubxona faoliyati, telefon orqali muloqot qilish imkoniyatlari, uchrashuv, tintuv, tergov va advokatlar uchun ajratilgan xonalar hamda sayilgohlar holati ko‘zdan kechirildi. Muassasalar hududida o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlarining ishlashi ham o‘rganildi.

Monitoring jarayonida 51-son Manzil-koloniyasining ayrim ishlab chiqarish obyektlarida mahkumlar uchun yaratilgan sanitariya-maishiy va mehnat sharoitlarini, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini hamda yaqinlari bilan uchrashuvlarni tashkil etish sharoitlarini yana-da yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Toshkent shahar majburiy davolash narkologiya shifoxonasida bemorlarni zarur buyumlar bilan taʼminlash, davolanishga qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuvlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratildi.

Qayd etish joizki, Ombudsman tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan xulosaga muvofiq mazkur shifoxonada aniqlangan bir qancha kamchiliklar bartaraf etilgan. Xususan, suv tizimidagi nosozliklar bartaraf etilgan, isitish tizimi zamonaviy yangi qurilmaga almashtirilgan va qo‘riqlash xizmati bo‘yicha 370 mln so‘mga yaqin qarzdorlik qoplangan.

Shuningdek, Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan avvalgi monitoringlarda 2-sonli “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bolalar internat uyi rahbariyatiga bolalarni qabul qilish va yaqinlariga topshirish uchun maxsus xona ajratish, ushbu xonani va binolarni videokuzatuv kameralari bilan jihozlash tavsiya etilgan edi.

Tavsiyaga muvofiq, ushbu “Muruvvat” uyini videokuzatuv kameralari bilan jihozlash uchun 1 mlrd so‘m ajratildi. Jami 10 dona monitor ekranlari va 640 dona kuzatish kameralari o‘rnatildi.

Monitoringlar davomida “Ombudsman quti”larida qoldirilgan hamda holi tarzda o‘tkazilgan qabullar orqali kelib tushgan murojaatlar nazoratga olindi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati