Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Namangandagi qator yopiq muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi holati o‘rganildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Devoni xodimlari hamda milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi Ombudsman huzuridagi Qiynoqqa solish hollarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Namangan viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator yopiq muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring doirasida 6-son Jazoni ijro etish koloniyasi, 6-son Tergov hibsxonasi, Namangan shahar va Chust tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Namangan viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.

Tashriflar davomida muassasalardagi yotoq joylari, tibbiyot bo‘limlari, yuvinish va sanitariya xonalari, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganlik holati, shuningdek, sayilgoh, uchrashuv xonalari, advokatlar bilan muloqot qilish uchun ajratilgan joylar va videokuzatuv vositalari holati ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Xususan, 6-son Jazoni ijro etish koloniyasi kutubxonasidagi adabiyotlar eskirgani qayd etilib, adabiyotlar fondini yangilash zarurligi bildirildi.

Shuningdek, 6-son Tergov hibsxonasida belgilangan sig‘imdan ortiq shaxs saqlanayotgani aniqlandi.

Tashriflar doirasida muassasalarda o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirildi, saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda nazoratga olindi, ayrim masalalar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berildi.

Monitoring tashrifi davomida 6-son Tergov hibsxonasida xo‘jalik xizmati ishlariga jalb etilgan holda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun “Ombudsman maktabi” tadbiri ham tashkil etildi. Unda Namangan viloyati IIB Probatsiya xizmati va Ijtimoiy himoya milliy agentligining Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi vakillari ham ishtirok etdi. Tadbirda mahkumlarga jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin jamiyatga moslashish, bandlik, ijtimoiy yordam, huquq va majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan bildirilgan tavsiyalar yuboriladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati