Monitoring tashriflarida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxonalar, tibbiyot bo‘limlari, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni saqlash sharoitlari, kutubxona, madaniy dam olish, telefon orqali muloqot qilish, uchrashuv xonalari, tintuv xonalari, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi shart-sharoitlar, shuningdek videokuzatuv kameralarining holati o‘rganildi.
Monitoringlar davomida ayrim kamchiliklar aniqlandi. Xususan, Quva tumani IIB VSʼH hamda 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasida baʼzi jihozlar yetishmasligi, Qo‘qon shahri, Quva, Oltiariq va O‘zbekiston tumanlari IIB VSʼHda zararsizlantirish va kundalik tozalov ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari hamda Toshloq tumanidagi hushyorxonalarda, shuningdek O‘zbekiston tumani IIB VSʼHda belgilangan dori-darmon vositalari to‘liq emasligi aniqlandi.
Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari, Toshloq va Quva tumanlaridagi hushyorxonalarda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi xodimlarning tunu-kun qo‘riqlanishini taʼminlash choralari ko‘rilmagani, Milliy gvardiya xodimlari jalb qilinmagani aniqlandi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 644-sonli qarori talablariga muvofiq emas.
Shu bilan birga, ayrim muassasalarda ilgari aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgani maʼlum bo‘ldi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida kutubxona tashkil qilingani, viloyat IIB REMda yotoq joylari va oshxona taʼmirlanib, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun zarur jihozlar bilan taʼminlangani, Marg‘ilon shahridagi hushyorxonada saqlanayotgan shaxslar uchun joy o‘rinlari va Farg‘ona tumanidagi hushyorxonada yuvinish xonalari taʼmirlangani aniqlandi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman qutisi” orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi, muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






