Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan yuborilgan murojaatlarda qanday masalalar ko‘tarilgan?
Aholining inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi “Ombudsman maktabi” platformasi doirasidagi tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilmoqda.

Dastlab mazkur hududdan Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinib, aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar tanlab olindi hamda ochiq muloqotga tegishli davlat tashkilotlari va idoralari vakillari jalb etildi.

Qayd etish joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelib tushgan murojaatlarda, asosan, moddiy yordam, taʼlim, bandlik, kredit, kadastr, mahallalarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.

Platforma doirasidagi navbatdagi ochiq muloqot 2026 yil 24 aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlaridan biri hisoblangan Amudaryo tumanida o‘tkazildi. Ushbu tumandagi Madaniyat saroyida o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari vakillari hamda tuman aholisi ishtirok etdi. Xususan, Amudaryo tumanidagi “Besh tom”, “Bosuv”, “Gulzor”, “Daryo bo‘yi”, “Jayxun”, “Qipchoq”, “Nazarxon”, “Oybek”, “Olmazor”, “To‘lqin”, “Uyshin”, “Choyko‘l”, “Farovon”, “Ayoqchi”, “Besh ovul”, “Bog‘”, “Bo‘z solma”, “Do‘rman”, “Qilichboy”, “Qoramon”, “Tosh qalʼa” va “O‘rta kalʼa” mahallalari fuqarolari qamrab olinadi. 

Ushbu tumandan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ish bilan taʼminlash masalalisi ko‘proq ko‘tarilgani sababli, “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda 37 ta tashkilot tomonidan 157 ta vakant ish o‘rni taqdim qilinib, 15 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun 15 ta yo‘llanma berildi.

Tadbirda aholiga inson huquq va erkinliklarini taʼminlashning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan bog‘liq jihatlari, mahallalarda aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimidagi yangiliklar haqida huquqiy tushunchalar berildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda Ombudsmanga kelib tushgan 26372 ta murojaatning 681 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Amudaryo tumanidan esa 54 ta murojaat kelib tushgan. Bu mazkur hududda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqotlar o‘tkazish, ularning huquqiy xabardorligini oshirish va murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan manzilli tushuntirishlar berish muhimligini ko‘rsatdi.

Maʼruzalarda ko‘tarilgan masalalar yig‘ilish ishtirokchilariga sodda va hayotiy misollar orqali tushuntirildi.

Shu bilan birga, ochiq muloqot shaklida bo‘lib yig‘ilishda tegishli masʼul tashkilotlar vakillari fuqarolarni qiziqtirgan savollariga javob berildilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati