Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qaroriga muvofiq, Ombudsman huzurida jamoatchilik guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, ular bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam monitoring tashriflarini amalga oshirish belgilangan.
Monitoring tashriflarining birinchi kunida Amudaryo tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, Nukus shahridagi obyektlarda monitoringlar davom ettirilib, dastlab maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, so‘ngra 2-son tergov hibsxonasi, undan keyin Nukus shahri ichki ishlar boshqarmasi vaqtincha saqlash hibsxonasi, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish shahar punkti, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi hamda “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar ayollar internat uyidagi shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Ayniqsa, 2-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan kameralar holati, yotoq joylari, sanitariya-maishiy sharoitlar, yuvinish xonalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari, dori-darmon bilan taʼminlanish, oziq-ovqat tayyorlanishi va saqlanishi, sayrga chiqish tartibi, qisqa muddatli uchrashuv xonalari, advokat bilan uchrashish imkoniyatlari, shuningdek murojaat qilish tartibi va “Ombudsman qutisi” orqali ariza qoldirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etish joizki, mazkur tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb etilgan holda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar Ombudsmanga oila aʼzolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlarni tashkil etish masalasida murojaat qilishgan edi. Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, ushbu muassasada uzoq muddatli uchrashuv xonalari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Monitorish tashrifi davomida ushbu xonalar ham ko‘zdan kechirildi.
24 aprel kuni esa Qo‘ng‘irot tumanidagi 27-son manzil-koloniyasi, Qo‘ng‘irot tumanidagi maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, Qonliko‘l tumanidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bo‘limida monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Monitoringlar davomida saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilindi. Shu bilan birga, muassasalarda yaratilgan sharoitlar, tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ovqatlanish, sanitariya holati hamda saqlash tartiblariga rioya etilishi o‘rganildi.
Monitoring yakunlariga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsman va jamoatchilik guruhlari azolari tomonidan bildirilgan tavsiyalar yuboriladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






