Monitoringlarda qayd etilgan muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat taʼminoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga jalb etish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar uchun xonalar hamda murojaat qilish huquqini taʼminlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, kamera va binolarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimlari, advokat va tergovchilar uchun ajratilgan xonalar ko‘zdan kechirildi.
Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi, Nukus shahri, Qanliko‘l va Shumanay tumani tibbiyot birlashmalari tarkibidagi Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tumanlararo tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida sanitariya-gigiyena talablariga zid holatlar aniqlandi. Shuningdek, baʼzi jixozlar yetishmasligi va binolar taʼmirtalab holga kelgani maʼlum bo‘ldi.
Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari tibbiyot birlashmalari tarkibidagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida ayrim hollarda fuqarolar narkolog shifokor yoki unga tenglashtirilgan shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan xizmat ko‘rsatilgani maʼlum bo‘ldi. Xususan, bemorlar to‘liq tekshiruvdan o‘tkazmasdan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada meʼyoridan ortiq shaxs saqlanayotganligi aniqlandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bemorlarning ovqatlanishi uchun ayrim mahsulotlar yetarlicha berilmayotgani hamda ochiq havoda sayr qilish maydoni talab darajasida emasligi maʼlum bo‘ldi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi va muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari eshitildi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.
Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakili va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligi bilan birgalikda 27-son manzil-koloniyasi hamda 2-son tergov hibsxonasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 90 nafarga va tergov hibsxonasida saqlanayotgan 200 nafarga yaqin shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rikka kardiolog, otorinolaringolog, ginekolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi, oftalmolog, endokrinolog, terapevt, stomatolog hamda psixiatr shifokorlari jalb etildi.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra, mahkum va mahbuslar orasida o‘tkir yoki yuqumli kasalliklar aniqlanmadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






