Taʼkidlanganidek, Ombudsman 2025 yilda o‘z faoliyatini qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik va ochiqlik tamoyillari asosida amalga oshirib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi milliy institutlar uchun belgilangan Parij tamoyillariga tayangan holda ish olib bordi.
Qonunga muvofiq, Ombudsman davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
2025 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan 26372 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar tahlil qilinganda, har 100 ming kishi hisobida kelib tushgan murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Murojaatlar bilan ishlashda Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi. Xususan, ular tomonidan murojaatlar tezkorlik bilan joyiga chiqib o‘rganilib, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari amalga oshirildi, aholining huquqiy xabardorligini oshirish, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan salbiy holatlar bo‘yicha zudlik bilan o‘rganish ishlari olib borildi.
Ombudsman tomonidan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan davlat organlari va idoralariga 194 ta taʼsir choralari kiritildi. 2025 yilda taqdimnoma, xulosa va daʼvo arizalaridan tashqari, ogohlantirish va talabnoma kabi yangi taʼsir shaklidagi hujjatlardan ham foydalanildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida 11,8 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishiga ko‘maklashildi. Shundan, 2,7 mlrd.so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlar, 3,9 mlrd.so‘mdan ortig‘i fuqarolarga buzilgan uy-joyi uchun to‘lab berilgan kompensatsiyalarni tashkil etgan.
Murojaatlarda ko‘tarilgan inson huquqlarining buzilganligi holatlari bo‘yicha 118 nafar davlat tashkilotlari masʼullari va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ombudsman tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Ularga fuqarolik jamiyati institutlari va OAVlari keng jalb qilindi.
Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tavsiyalari asosida yopiq muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha 8,5 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilgan.
2025 yil davomida 90 ta qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi, 342 ta takliflar ishlab chiqildi, 37 ta loyiha bo‘yicha 100 dan ortiq takliflar inobatga olingan.
Shuningdek, Ombudsman tavsiyasiga asosan inson huquqlarini taʼminlanishi borasidagi 11 ta normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib faoliyatga yo‘naltirilgan.
2025 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Osiyo-Tinch okeani forumiga aʼzo bo‘ldi. Daniya Ombudsmani hamda Germaniyaning Fridrix Ebert jamg‘armasi bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Ombudsman va Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rtasida chet elda vaqtincha yashayotgan fuqarolar huquqlarini taʼminlashga qaratilgan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Ushbu hujjat doirasida Moskva shahridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida Rossiya Federatsiyasida vaqtincha yashayotgan fuqarolar bilan marotaba uchrashuvlar tashkil qilinib muammolari o‘rganildi. Ushbu murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra Rossiyadagi 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan qo‘llanilgan maʼmuriy jazo bekor qilindi hamda mamlakat hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilishining oldi olindi.
Shuningdek, chet davlatlarida yashayotgan fuqarolarimiz bilan uchrashuvlar AQSH, Germaniya, Polsha, Avstriya, Ozarbaydjon,Turkiya, Italiya, Malayziya davlatlarida ham o‘tkazilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda aholinining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” hamda “Ombudsman soati” loyihalari, “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar va sayyor qabullar haqida ham maʼlumot berildi.
Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etgan maʼruzasini ijobiy baholashdi.
Majlisda ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






