Monitoring tashriflarida muassasalardagi yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, kutubxona, sport zal, to‘garaklar xonasi, madaniy dam olish, telefon orqali so‘zlashuv, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tintuv xonasi, sayilgoh, tergov va advokatlar xonalaridagi sharoitlar hamda muassasalarga o‘rnatilgan hududlardagi videokuzatuv kameralarining holatiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish jarayonlarida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, VSHiga sun’iy shamollatish tizimi o‘rnatilgan bo‘lsa-da, elektr generator yo‘qligi sababli ishlamasligi, kameralarda kerakli jihozlar yetishmasligi, radioeshittirish vositasi o‘rnatilmaganligi aniqlandi.
2-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida Ombudsman mintaqaviy vakili tavsiyasiga ko‘ra yuvinish xonalari qayta ta’mirlanganligi qayd etildi. Shifoxona 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da hozirda 238 nafar davolanayotgani aniqlandi. Qolaversa, har bir bemor uchun kunlik go‘sht mahsuloti normasi 120 grammni tashkil etib, 200 nafar bemorga 24 kg go‘sht ajratilishi lozim bo‘lsada, amalda 14 kg go‘sht bilan taom tayyorlanayotganligi aniqlandi.
41-son manzil-koloniyasida Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabul o‘tkazilib, 10 nafar mahkum va mahkumalar murojaatlari qabul qilindi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi ta’minlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.






