Joriy oyda “Ombudsman maktabi” tadbirlari Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida o‘tkazilib, ularga jami 600 nafarga yaqin fuqaro va yoshlar qamrab olindi. Tadbirlarda Samarqand viloyatidagi Ingichka qo‘rg‘oni aholisi, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Latifsovungar” va “Niyozxo‘ja”, Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Ulug‘ yo‘l”, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillik”, “Duoba”, “Inkabod”, “Pulxokim”, “O‘rmonchi”, “Xo‘jaidod”, “Avlod”, “Bibishirin”, “Bog‘ibolo”, “Boshrabot”, “Kofrun”, “Ko‘chkak”, “Pasurxi”, “To‘da”, “Sariosiyo” va boshqa mahallalar aholisi hamda Namangan davlat texnika universiteti talabalari ishtirok etdi.
Ularda kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish, mehnat munosabatlari va mehnat migratsiyasi jarayonlarini huquqiy tartibga solish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash masalalari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, aholiga ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlar, shaxsga doir maʼlumotlarni muhofaza qilish hamda kiberxavfsizlikni taʼminlashga oid amaliy tavsiyalar berildi.
Muloqotlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, ayrim masalalar joyida hal etildi. Shuningdek, tadbirdan so‘ng Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazildi.
Shuningdek, Namangan davlat texnika universiteti talabalari ishtirokida ham “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda talabalarga yoshlarga oid davlat siyosati va ular uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida tushuntirish berildi.
Ushbu tadbirlar aholining huquqiy xabardorligini oshirish, fuqarolar murojaatlarini joyida qabul qilish hamda tegishli tashkilotlar ishtirokida masalalarni hal etishga xizmat qilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati






 
                             
                             
                            
 
                             
                     
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                                             
                             
                             
                             
                             
                         
                         
                         
                         
                                         
                                        