Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Farg‘onadagi maktab direktori bilan bog‘liq holat nazoratga olingan holda o‘rganildi
Kun.uz saytida “Omadsiz tadbir” yoxud “birovga choh qazisang — o‘zing tushasan” sarlavhasi ostida Farg‘ona viloyati Furqat tumanida maktab direktori G.Qosimovaga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar haqida video material eʼlon qilindi.

Xabarda taʼkidlanishicha, ayol noqonuniy ravishda ushlangan, unga jismoniy bosim va qadr-qimmatini kamsituvchi muomala qo‘llanilgan. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda Furqat tumani IIB boshlig‘iga nisbatan jazo tayinlangan, biroq ushbu ishda ishtirok etgan boshqa xodimlar ozodlikda ekani qayd etilgan.

Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan nazoratga olingan holda uning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilib, 2025 yilning 18 iyunida Furqat tumani IIB boshlig‘i A.X. hamda shu tuman IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari J.R. O‘zbekiston Respublikasi JKning 1411-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 1413-moddasi 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi, 206-moddasi 1-qismida va 2302-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularga nisbatan ayb eʼlon qilingan va hozirda tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Furqat tumani IIBning 4 nafar masʼul xodimlari O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Ushbu holat jabrlanuvchining eʼtiroziga sabab bo‘lmoqda.

Insonga nisbatan har qanday zo‘ravonlik yoki tahqirlash — uning konstitutsiyaviy huquqlariga tajovuz hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qonunchiligimizda qadr-qimmatni kamsituvchi muomala uchun jazo choralari belgilangan.

Ombudsman insoniylikka qarshi bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni qatʼiy qoralaydi hamda mazkur holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxslarning qilmishi har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilishi taʼminlanishini so‘raydi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati