O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 29 dekabrdagi qaroriga muvofiq, xonadonlarning yashash xonalari hamda yotoqxonalarida ruxsat etilgan shovqin darajasi 55 dB (detsibel)dan oshmasligi lozim.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan fuqaro D.R. uyining devori orqasida avtomobil yuvish shoxobchasi ochilgani sababli kun-u tun shovqin tinmayotganidan shikoyat qilgan.
Murojaat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyat sanitariya epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi mutaxassislarini jalb qilingan holda joyiga chiqib o‘rganildi. Tekshiruvda xonadondagi shovqin darajasi 57–63 dBni tashkil etishi aniqlandi. Bu esa sanitariya qoidalarida belgilangan meʼyordan yuqori bo‘lib, murojaatchi bildirgan eʼtirozlar haqli ekanini tasdiqladi.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida tadbirkor tomonidan suv resurslarini muhofaza qilish qoidalari buzilganligi ham maʼlum bo‘ldi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining qaroriga asosan, tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi 1-qismiga muvofiq maʼmuriy jarimaga tortildi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, shaxobcha ish faoliyati to‘xtatildi. Hozirda uni boshqa hududga ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati