Qayd etish lozimki, 2025 yilning 2 sentyabr kuni Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili mazkur koloniyaga monitoring tashrifini amalga oshirgan. Tashrif davomida “Ombudsman quti”lari ko‘rib chiqilgan, mahkumlar bilan Mustaqillik bayrami munosabati bilan maʼrifiy tadbir o‘tkazilgan, sexlardagi mehnat sharoitlari o‘rganilgan hamda mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, sayyor qabul tashkil etilgan va murojaat qilish istagida bo‘lgan mahkumlarning murojaatlari qabul qilingan. Biroq shu kuni mahkum Jumasapar Dadaboyev Ombudsman vakiliga murojaat qilmagan.
Mahkum otasining murojaati Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, 2025 yil 4 sentyabr kuni Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda holat 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga borib o‘rganilgan.
O‘rganish jarayonida mahkum J.Dadaboyev bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilib, uning murojaati qabul qilindi. Suhbat davomida u sog‘lig‘idagi muammolardan shikoyat qildi. Shu bois muassasa shifokori bilan holat o‘rganilib, mahkum oyoqlarida uvishish va og‘riqlar kuzatilayotgani sababli mintaqaviy vakil tomonidan Toshkent shahridagi mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonaga yuborish tavsiya qilindi.
Shuningdek, mahkum murojaatida ko‘rsatilgan holat haqqoniyligi bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlanganligi maʼlum qilinadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati