Tadbirda "Muqumiy" nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyorlari — O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Odinaxon G‘oziyeva, “Do‘stlik” ordeni sohibi Tohir Rahimov, aktyor Bozorboy Xolmo‘minov hamda Nigora Sherjonovalar mahkumlar bilan uchrashib, sahna ko‘rinishlari va mahoratlari bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirishdi. Shuningdek, aktyorlar mahkumlarni qiziqtirgan savollarga ham javob berishdi.
Ozodlikdagi insonlar uchun madaniy tadbirlar oddiy va kundalik hayotning bir qismi bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo jazo o‘tayotgan shaxslar uchun bunday uchrashuvlar katta maʼnaviy qiymatga ega. Ular har bir madaniy tadbirni intiqlik bilan kutishadi, chunki bu — ularga eʼtibor qaratilgani, inson sifatida qadrlanishi va jamiyat uchun hali ham muhim ekanini his etish imkonidir.
Bunday tadbirlar mahkumlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitibgina qolmay, ularning kayfiyatini ko‘tarish, ijtimoiy hayotga qaytish istagini mustahkamlash va o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishga ruhlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, Ombudsman mahkumlarga nisbatan insoniy munosabat va munosib sharoitlar taʼminlanganini o‘rganish maqsadida ham tizimli monitoring tashriflarini amalga oshirib boradi. Navbatdagi monitoring tashrifi 8 sentyabr kuni 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga o‘tkazildi.
Monitoring tashrifi davomida, ushbu koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan mahkumlarning yashash, dam olish, mehnat qilish, yaqinlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazish, oziq-ovqat taʼminoti, tibbiy yordam olish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi o‘rganildi.
Jumladan, koloniyada mahkumlarning ish sharoitlari va xavfsizlik qoidalariga rioya qilingan holda mehnatga jalb qilinganligi holati o‘rganildi.
Qolaversa, monitoring tashrifi tushlik vaqtiga to‘g‘ri kelganligi bois, mehnatga jalb etilgan mahkumlarning tushliklari ham ko‘zdan kechirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati






