Monitoring doirasida 3-son tergov hibsxonasi, Baliqchi va Izboskan tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, ruhiy kasalliklar va narkologiya shifoxonalari hamda maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash maxsus qabulxonasidagi sharoitlar o‘rganildi.
3-son tergov hibsxonasiga o‘tkazilgan monitoringda mahkum va mahbuslarning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi va qisqa va uzoq muddatli uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mahbus va mahkumlar bilan jamoaviy hamda yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Shu kuni Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida ushbu hibsxonada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Unda 200 nafardan ortiq shaxslar ishtirok etib, mutaxassis shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, aniqlangan kasalliklar dispanser nazoratiga olinib, mutaxassislar tavsiyasi asosida zarur tibbiy muolajalar belgilab berildi.
Vaqtincha saqlash hibsxonalariga o‘tkazilgan monitoringlarda esa avvalgi o‘rganishlar asosida kiritilgan Ombudsman taqdimnomasida ko‘rsatilgan kamchiliklarning bartaraf etilishi holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ularda hibsxonada sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik taʼminotga oid jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar borligi aniqlangan edi.
Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati