Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navbatdagi tibbiy ko‘rik Samarqand viloyatidagi 37-son manzil-koloniyasida o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan viloyatning Pastdarg‘om tumanida joylashgan 37-son manzil-koloniyasida monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning yashash sharoiti, oshxona va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash tartibi, gigiyenik vositalar bilan taʼminlanishi kabi holatlar monitoring qilindi. Shuningdek, Urgut tumani Jartepa qishlog‘ida joylashgan shartnoma obyektlari, yaʼni mahkumalar ishlayotgan ishlab chiqarish sexlaridagi sharoitlar, jumladan, ularga ish haqi to‘lanishi va issiq ovqat bilan taʼminlanishi holati o‘rganildi.

Monitoring doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum va mahkumalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Ko‘rikda manzil koloniya va shartnoma obyektlaridagi 226 nafar mahkum va mahkumalar o‘nga yaqin mutaxassislar tomonidan tekshirildi, laboratoriya tahlillari amalga oshirildi hamda salomatligining holatiga qarab tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.  

Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat yo‘llash istagida bo‘lgan shaxslar uchun qabul tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati