Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzax viloyatida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan 10 ta yopiq muassasada monitoring tashriflari amalga oshirildi
2025 yilning 7–8 avgust kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Devon xodimlari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi aʼzolari tomonidan Jizzax viloyatidagi bir qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu jarayonlarda OAV vakillari ham ishtirok etishdi.

2 kunlik o‘rganish davomida Paxtakor va Do‘stlik tumanlari va Jizzax shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonalari, 30- va 29-sonli manzil-koloniyalari, Jizzax viloyat IIB Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona, Jizzax “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi, Jizzax viloyat IIB Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, Jizzax viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanseri hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax viloyat mintaqaviy filialidagi sharoitlar o‘rganildi.

Shuningdek, monitoringlar davomida “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar qabul qilindi, ayrim muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib,  murojaatlar  eshitildi.

Monitoringda VSʼHlarda saqlanayotganlaring yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, uchrashuv xonasi va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, hibsxonada kameralarga, kanvoy, ko‘rikdan o‘tkazish, tibbiyot va tergov xonalariga ovozli video kuzatuv kameralar o‘rnatilgani hamda ularning soz holatda ekanligi va markazga ulanganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Manzil-koloniyalarda mehnatga layoqatli mahkumlarning ishlash sharoitlari, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanishi, shuningdek uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.

Jizzax “Muruvvat” internat uyi, ruhiy asab kasalliklari dispanseri, narkologiya markazi filiali va reabilitatsiya markazida yashovchi fuqarolarning ijtimoiy, tibbiy va yashash, ovqatlanish sharoitlari tahlil qilindi. Monitoring davomida ayrim muassasalarda avvalgi tashriflar davomida berilgan tavsiyalarning ijrosi taʼminlangani, ayrimlarida esa yechimini kutayotgan masalalar saqlanib qolayotgani aniqlandi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati