Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasidan so’ng Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi uchun 1,67 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan 2024 yilda Olmazor tumanida joylashgan Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan edi. Vazirlik Ombudsman taqdimnomasiga javoban Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasining nazorat rejasi ishlab chiqilib, kamchiliklar belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini maʼlum qilan edi.

Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir choralari shaklidagi hujjatlarning ijrosi bo‘yicha taqdim etilgan maʼlumotlar, keyingi monitoringda qayta tekshiriladi.

Kuni kecha Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili ushbu shifoxonaga qayta monitoring o‘tkazdi. Aniqlanishicha, Ombudsman taqdimnomasida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida shifoxonaga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Laboratoriya, fizioterapiya kabinetiga tibbiy jihozlar va rentgen apparatlari berilgan. Shuningdek, 2025 yilga nazorat o‘tish punkti va kozonxonani taʼmirlash uchun 1 mlrd 300 mln so‘m mablag‘ hamda yumshoq jihoz va kiyim-kechaklar uchun 371 mln so‘m ajratilgani maʼlum bo‘ldi.

Faktlar tekshirilgach, muassasadagi bemorlarga yaratilgan yashash va ovqatlanish sharoitlari va dori-darmon taʼminoti o‘rganildi. Tashrif davomida 2014 yil 2 oktyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Psixiatriya davolash muassasasida majburiy davolashda bo‘lgan bemorlarning ovqatlanish va ashyoviy taʼminoti meʼyorlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining ovqatlanishga oid talablari buzilgani aniqlandi.

Shuningdek, majburiy davolanish o‘tayotgan ayrim bemorlarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi aniqlandi va tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati