Monitoringda mahkumlarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, oshxona, tibbiyot bo‘limi, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini saqlash joylari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari hamda mehnatga jalb qilingan shaxslarning ish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Tashrif chog‘ida, xususan, nogironligi bo‘lgan mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlumki, 2022 yilda Ombudsman tashabbusi bilan qator mutasaddi idoralar hamkorligida qiynoqlarning oldini olish va nogironligi bo‘lgan mahkumlar uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat ijrosi doirasida muassasalarda xalqaro standartlar asosida sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, mustaqil harakatlana olmaydigan shaxslarga sog‘lom mahkum biriktirish va unga haq to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Tibbiyot bo‘limi ko‘zdan kechirilib, shifokorlar bilan suhbatlashildi. Qonunchilikka kiritigan o‘zgartirishga ko‘ra, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kabi ijobiy tajribalar amaliyotga kiritilgani alohida qayd etildi. Shuningdek, ushbu muassasaga olib kelingan har bir shaxsning dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan tegishli choralar ko‘rilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, koloniyada statsionar va ambulator tartibida daʼvolanish mumkinligi, agarda mahkum sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa 23-son Mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonaga yuborilishi maʼlum qilindi. O‘rganish davomida Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston tajribasini yuqori baholab, uni namuna sifatida o‘rganish lozimligini qayd etdi.
Monitoring tashrifi davomida mahkumlar bilan jamoaviy suhbatlar o‘tkazilib, ularning jazoni ijro etish muassasasi haqidagi fikrlari o‘rganildi.
Monitoring yakunida Ombudsmanlarning qo‘shma qabuli ham o‘tkazilib, mahkumlar murojaatlari tinglandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati