Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2019 yildan boshlab farzandlari taʼminoti uchun aliment to‘lab kelgan, 2025 yil 5 fevralda kichik farzandi 18 yoshga to‘lgani bois aliment to‘lash majburiyati to‘xtagan. Barcha qarzlar to‘liq qoplangan bo‘lishiga qaramasdan, Majburiy ijro byurosining Ishtixon tuman bo‘limi tomonidan unga nisbatan qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqishga qo‘yilgan vaqtincha taqiq bekor qilinmagan. Fuqaro ushbu taqiqni olib tashlash maqsadida bir necha marotaba murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, natija bo‘lmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega.
Mazkur murojaat Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilishi natijasida fuqaroning ushbu konstitutsiyaviy huquqi tiklandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati