Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Farg‘onadagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
2025-yilning 4-5 iyun kunlari Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari tomonidan Farg‘onadagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi. 

Dastlab, Farg‘ona shahrida joylashgan 10-son tergov hibsxonasiga tashrif buyurildi. O‘rganish jarayonida qamoqqa olingan ayblanuvchi va sudlanuvchilarning saqlash sharoitlari, tergov va advokatlar xonasi, qisqa muddatli uchrashuv xonalari, tibbiyot bo‘limi, oshxona va omborxonalar holati hamda ularning yashash joylari o‘rganildi. 

Monitoring doirasida mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, voyaga yetmagan mahbuslar bilan ham suhbatlashilib, ular murojaatlari qabul qilindi.

Keyingi manzil, Farg‘ona viloyati IIB Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona bo‘ldi. Ma’muriy qamoqqa olinganlarni Maxsus qabulxonaga qabul qilish chog‘ida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda qamoqqa olingan shaxslar haqida ma’lumot uning qarindoshlariga telefon orqali darhol xabar qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Monitoring tashrifida maxsus qabulxonada saqlanayotganlar uchun sayrga chiqish joylari, ularning shaxsiy buyumlarini saqlash va qaytarib berish, tibbiy xizmatdan foydalanish xonalari hamda oshxona va kunlik menyu ko‘zdan kechirildi.

Farg‘ona viloyatiga tashkil etilgan monitoring tashriflari doirasida Farg‘ona, Qo‘qon, O‘zbekiston, Quva tuman va shaharlarida joylashgan vaqtincha saqlash hibsxonalari, viloyat ruhiy-asab kasalliklar dispanseri, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona viloyat filiali, O‘zbekiston tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uyi hamda Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun reabilitatsiya markazidagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati