“Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay bo‘lgan joyda “Ombudsman qutisi” o‘rnatiladi.
Respublikamiz bo‘ylab 50 ga yaqin harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga 350 dan ortiq “Ombudsman quti”lari o‘rnatilgan. Penitensiar muassasalarga o‘rnatigan ushbu qutilar har oyda kamida 1 marotaba faqatgina Ombudsman xodimlari tomonidan ochiladi va murojaatlar o‘rganiladi. Ushbu qutilar videokameralardan holi, mahkum va mahbuslar uchun qulay joylarga o‘rnatilgan. Bu esa mahkum va mahbuslarga shikoyatlarini bevosita, xavfsiz va maxfiy tarzda yuborish imkonini beradi. Bu mahkumlarning murojaatlarini eshitish va ularni hal etishdagi muhim vosita hisoblanadi.
Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari “Ombudsman qutisi”ga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish huquqiga ega.
Qayd etish lozimki, mahkumlarni “Ombudsman qutisi” orqali murojaat etish huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida ham belgilangan.
Ombudsman qutisiga kelib tushgan murojaatlar Ombudsman tomonidan darhol nazoratga olinib, zarur hollarda ariza mualliflari bilan yakka tartibda suhbat o‘tkaziladi va murojaatga oid zarur ma’lumotlar to‘planadi. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning ma’muriyati Ombudsmanga, uning o‘rinbosariga, hududlardagi mintaqaviy vakillariga mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslar bilan moneliksiz va holi uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart. Uchrashuv va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni ko‘rib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda holi tarzda o‘tkaziladi.
Ombudsman qutisi orqali qabul qilingan mahkum va mahbuslar murojaatlarini zudlik bilan hal etish chorasi ko‘riladi, ayrim shikoyatlar hamda o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning xulosa va taqdimnoma kabi ta’sir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati