Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzax viloyatida imtiyozli pensiyaga chiqishda muammoga duch kelgan fuqarolar Ombudsmanga murojaat qildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Jizzax viloyatida imtiyozli pensiyaga chiqishda muammoga duch kelgan ikki fuqaro murojaat qildi. Har ikkala murojaatchi ham ishlagan davrida zararli mehnat sharoitida faoliyat ko‘rsatgan va shu asosda pensiyaga chiqish huquqini talab qilgan.

Ombudsman tomonidan holatlar nazoratga olinib, uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi. Barcha hujjatlar tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, birinchi murojaatchi Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limida 2000 yildan buyon navbatchi hamshira bo‘lib ishlab kelgan. Uning ishlagan davridagi sharoitlar imtiyozli pensiya olishga haqqi bo‘lgani sababli, u Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga murojaat qilgan. Ammo murojaatga rad javobi berilgan. Ish beruvchi ish o‘rnini attestatsiyadan o‘tkazmagani va zararli ish sharoitiga oid hujjatlarning mavjud emasligi, fuqaroning imtiyozli pensiyaga chiqishda muammoga duch kelishiga sabab bo‘lgan.

Ikkinchi murojaatchi, 15 yil davomida “O‘zbektelekomAK Jizzax filialida kommutator lavozimida ishlagan va shu lavozim tufayli quloq eshitish qobiliyati pasaygan. Uning ishlagan davridan zararli ish o‘rinlari attestatsiyalari hujjatlari saqlanmagani sababli pensiyaga chiqish bo‘yicha murojaati rad etilgan.

Aniqlangan faktlar asosida Ombudsman tomonidan sudlarga fuqarolar manfaatida daʼvo arizalari kiritildi. Natijada sudlar tomonidan har ikkala daʼvo ariza to‘liq qanoatlantirilib, murojaatchilarning zararli mehnat sharoitida ishlaganlik faktlari tasdiqlandi va ularning imtiyozli pensiyaga chiqish huquqlarini tiklandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati