Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Asaka tumanida yashovchi fuqaro N.M. mehnat huquqlari buzilayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Ayol o‘z murojaatida u tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasida brigadir sifatida mehnat qilib kelayotgani, boshqarma rahbari B.A. tomonidan asossiz ravishda ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilingani, shu bilan birga boshqa lavozimga o‘tkazish uchun ham ariza yozishga majburlanayotgani, natijada 2025 yil mart oyi uchun ish haqi to‘lanmayotganini maʼlum qilgan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi va unda bayon etilgan holatlar tasdiqlandi. O‘rganish natijalari bo‘yicha Ombudsman tomonidan Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasiga Ombudsman xulosasi kiritildi.

Shundan so‘ng, N.M.ga mart oyi uchun ish haqi to‘liq to‘lab berildi. Shuningdek, u ish beruvchi bilan kelishgan holda boshqarmaning ish yurituvchi devonxonasi (kanselyariya) lavozimiga o‘tkazildi. Hozirda murojaatchining ish beruvchiga nisbatan hech qanday eʼtirozi yo‘qligini bildirgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati