Avval xabar berilganidek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan Jamoatchilik guruhlari aʼzolari bilan birgalikda Navoiy viloyatidagi qator jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Shu jumladan, 11-son jazoni ijro etish muassasasiga ham monitoring tashrifi amalga oshirilib, shu yerda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning shart-sharoitlari, yotoq, ovqatlanish, tibbiy yordam olish va mehnat qilish joylari, sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan belgilangan tartibda taʼminlanayotganligi holatlari o‘rganilgan.
Xususan, mahkumlarni sexlarda ishlash jarayoni, tushlik va kechki ovqat paytidagi sharoitlari ham o‘rganildi. Shuningdek, mahkumlarni tor doiradagi shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi.
Monitoring tashrifi davomida uchrashish haqida murojaat qilgan barcha mahkumlarning murojaatlari ijobiy hal etilib, ular bilan Ombudsman tomonidan holi tarzda uchrashuvlar tashkil etildi va murojaatlari eʼtiborsiz qoldirilmadi. Suhbatlar chog‘ida mahkumlar tomonidan shikoyat bildirilmagan.
Ombudsman jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini faqat rasmiy manbalarga tayanishga, tekshirilmagan maʼlumotlarga ishonmaslikka chaqiradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati