Toshkent shahar majburiy narkologiya shifoxonasi 2010-yildan boshlab faoliyat yuritib kelmoqda. Muassasa 105 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda. Shifoxonaga belgilangan tartibda, sud qarori bilan qabul qilinadi.
Shifoxonadagi bemorlar bilan yakka va jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Shuningdek, davolanuvchilar sharoitlari, ovqatlanishi, ularga tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar sifati, ularni saqlash xonalari o‘rganildi.
Monitoring davomida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, shifoxona oqova suv (kanalizatsiya) quvurida yuz bergan nosozlik sababli badbo‘y hid chiqib, bemorlarni saqlash sharoitiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, isitish qozonini yangi, tejamkor, zamonaviy isitish qozoniga almashtirishga extiyoj zarur.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shu kabi muassasalarda majburiy davolanayotgan shaxslar mavsumiy kiyim-bosh bilan taʼminlanishi belgilangan bo‘lsada, haligacha bu borada tegishli choralar ko‘rilmagan.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman taʼsir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi taʼminlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati