Monitoring tashrifida Qorao‘zak, Chimboy, Nukus, Xo‘jayli tumanlari va Nukus shahridagi hushyorxonalar qamrab olindi. Ushbu tashriflar davomida bir qator kamchiliklar va sanitariya talablariga javob bermaydigan holatlar aniqlandi.
Jumladan, Nukus shahridagi hushyorxonaning binosi va xonalari taʼmirtalab ahvolda ekani, yuvinish xonalarining mavjud emasligi, hojatxona juda achinarli holda ekani qayd etildi. Shuningdek, punkt ichki tartib va jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qo‘riqlash xizmati yo‘lga qo‘yilmayotgani maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Chimboy, Nukus va Xo‘jayli tumanlaridagi hushyorxonalarda tibbiy yordam ko‘rsatish va davolash uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar, jihozlar va dori-darmonlar yetarli emasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Ombudsman tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma kiritildi.
Ombudsmanga maʼlum qilinishicha, hozirda Nukus shahridagi hushyorxona vazirlikning tegishli buyrug‘iga asosan 1995 yilda qurilgan binodan Almazar ko‘chasidagi yangi manzilga ko‘chirilgan.
Monitoring natijalariga ko‘ra, Xo‘jayli, Nukus va Qorao‘zak tumanlaridagi hushyorxonalar taʼmirlanib, sanitariya va xavfsizlik talablariga mos ravishda qayta jihozlandi. Yuvinish xonalari va hojatxonalar binolar ichiga joylashtirildi, muolaja xonasi, Milliy gvardiya xodimlari uchun alohida xonalar, xizmat xonalari, shaxsiy va qimmatbaho buyumlarni saqlash uchun joylar ajratildi. Shuningdek, matras, sochiq, yostiq jildlari hamda zarur dori-darmonlar bilan to‘liq taʼminlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 2025 yil 2-chorakda Mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish Chimboy tumanlararo punktida joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun tuman hokimligi tomonidan 190 mln so‘m mablag‘ ajratish rejaga kiritildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati