Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Navro‘z bayrami munosabati bilan mahkumlar o‘rtasida bir qator ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tasdiqlagan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq yosh mahkumlarning aqliy salohiyatini oshirish va fikrini teran qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalarida “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazilib kelinmoqda.

2025-yilning 21-mart kuni “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili va 3-mintaqaviy hudud 40-son manzil-koloniyasi bilan hamkorlikda mazkur muassasadagi jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Mazkur tanlov 5 xil yo‘nalishdagi savollar, jumladan, mantiqiy, geografik, adabiyot, tarix va dunyoviy bilimlar bo‘yicha o‘tkazildi.

Shu yo‘nalishdagi tadbir Sirdaryo viloyati Xovos qo‘rg‘onida joylashgan 8-son tergov hibsxonasida ham tashkil etildi. Ushbu tanlov mazkur muassasada xizmat olib borayotgan xodimlar hamda xo‘jalik xizmatida qoldirilgan mahkumlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Qizg‘in muhokama va savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tanlovlar yakunida yuqori o‘rin olgan ishtirokchilar munosib taqdirlandilar.

Bundan tashqari, bayram munosabati bilan Ombudsmanning Sirdaryo va Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakillari mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlash mezonlari bo‘yicha komissiya yig‘ilishlarida ishtirok etishdi. Xususan, Sirdaryo viloyatidagi 40-son manzil-koloniyasida bo‘lib o‘tgan Komissiya yig‘ilishida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlardan 47 nafariga hamda 8-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlarida qoldirilib jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlardan 9 nafariga o‘rnatilgan tartibda xulosalar rasmiylashtirildi. 6-son Jazoni ijro etish koloniyasida Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili ishtirokida o‘tkazilgan Komissiya yig‘ilishida esa jazo muddatini o‘tayotgan 105 nafar mahkumga xulosa berildi.

Shuningdek, mahkumlarning bayram kunlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli xil milliy o‘yinlar, sport musoboqalari o‘tkazildi hamda bayram dasturxoni tayyorlanib, konsert dasturlari tashkil etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati