Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Atrof-muhitni muhofaza qilish - kelajakka g‘amxo‘rlik: maktablarda “Ombudsman soati” darslari o‘tkazilmoqda
2025-yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Bu muhim qaror tabiatni asrash va inson hayotini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Tabiat va insonni ayro tasavvur qilish mumkin emas. Bugungi kunda, tabiatni asramasdan inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, jumladan yashash, shaxsning erkin kamol topishi, sog‘liqni saqlash huquqlari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkin emas.

Ekologik huquq va majburiyatlarini anglashga qaratilgan tashabbuslar doirasida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan Respublikamizdagi qator maktablarda “Ombudsman soati” darslari tashkil etildi.

Tadbirlar Navoiy shahridagi 7, 17, 19 va 22-sonli, Andijon viloyatidagi 22-sonli, Buxoro shahridagi 1 va 7-sonli umumta’lim maktablari hamda Peshku tumanidagi 1-sonli Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi.

Darslar interaktiv uslubda tashkil etilib, o‘quvchilarga Ombudsman tomonidan tayyorlangan “Atrof-muhitni muhofaza qilish - kelajakka g‘amxo‘rlik” mavzusida videodars namoyish etildi. O‘zaro savol-javob va qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan amaliy mashg‘ulotda yoshlar atrof-muhitni asrashga yanada e’tiborli bo‘lishlari lozimligi ta’kidlandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati