Monitoringlarda Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi 17-sonli jazoni ijro etish koloniyasi va Buxoro viloyati maxsus qabulxonasi hamda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan 35-sonli manzil-koloniyasidagi sharoitlar o‘rganildi.
Mazkur monitoring tashriflarida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat sharoitlari, kutubxona, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash hamda hududlardagi issiqlik ta’minoti holati o‘rganildi.
Bundan tashqari, mazkur penitensiar muassasalarga amalga oshirilgan avvalgi monitoringlarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganiga alohida e’tibor qaratildi. Qarshi shahridagi manzil-koloniya hududida mahkumlar uchun 360 o‘rinli yotoqxona va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari qurilishi davom etayotgani ma’lum bo‘ldi.
Biroq, manzil-koloniyada mahkumlarning ovqatlanishi va statsionar davolanishi uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligi aniqlandi.
Tashriflar davomida jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. Shuningdek, hududlardagi “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, unga tashlangan murojaatlar nazoratga olindi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shakldagi hujjatlar kiritilishi ta’minlanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati