Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi. Maʼlum qilinishicha, taqdimnoma asosida ayrim kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, vaqtincha saqlash hibsxonalaridagi kameralarni ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sunʼiy yorug‘lik bilan taʼminlash, isitish hamda boshqa tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, Qarshi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati to‘xtatilib, saqlanayotgan shaxslar kapital taʼmirlangan Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ko‘chirildi.
Ombudsman taqdimnomasida bildirilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmagan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 1 nafar xodim lavozimidan ozod etildi va 9 nafar xodimning xatti-harakatlari “Intizomiy kengashlar” tomonidan ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda vazirlik tomonidan vaqtincha saqlash hibsxonalari sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Kameralar va yuvinish xonalarini kerakli jihozlar bilan taʼminlash va sanitariya talablariga muvofiqlashtirish ishlari davom etmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati