Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"Ombudsman maktabi" loyihasi doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2024 yilning 12 noyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti binosida o‘tkazildi.

Talaba yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va OAV ishtirok etishdi.

Dastlab, tadbirda yoshlarga Konstitutsiyaning ilm-fan va taʼlim sohasidagi kafolatlarga eʼtibor qaratgan holda, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va imtiyozlar haqida so‘z yuritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 79-moddasida davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi belgilangani va ushbu norma yoshlarning barcha muhim sohalardagi huquqlarini himoya qilish va ularning har tomonlama rivojlanishi uchun kafolatlangan sharoitlarni yaratishga qaratilgani qayd etildi.

Ochiq muloqotda yoshlarning Ombudsmanga murojaatlari va ular tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar dolzarb ekanligi qayd etildi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilayotgan "Ombudsman klub"lari yoshlarga nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, aholi muammolarini o‘rganishda faol ishtirok etish imkonini berayotgani, bu klublar talabalarning muammolarga masʼuliyat bilan yondashishga o‘rgatish orqali yetuk mutaxassis sifatida shakllanishlariga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda yoshlar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning taʼlim, ijtimoiy himoya, mehnat huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faol rolini kuchaytirish uchun huquqiy asoslari tushuntirildi.

100 nafardan ziyod yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda Ombudsmanga yoshlardan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga ham alohida to‘xtalindi. O‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda talabalar O‘zbekistonda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatiga oid ko‘plab bilimlarga ega bo‘lishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati