Tashrif davomida mahbus hamda mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, oshxona, kutubxona, saylgohlar, savdo do‘koni, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa holatlar o‘rganildi.
Bundan tashqari, tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari olib kelgan yo‘qlovlarni topshirish joyidagi sharoitlar ko‘zdan kechirilib, mahkum va mahbuslarning yaqin qarindoshlari bilan suhbat o‘tkazildi.
O‘rganish davomida tibbiyot bo‘limida dori-darmonlarning yetarli darajada jamlanganligi, mahkumlarga kundalik taomnomaga asosan issiq ovqatlar berilayotgani hamda hibsxonadagi har bir xonalarga o‘rnatilgan video kuzatuv kameralari va radio moslamalari soz holda ekanligi aniqlandi.
So‘ngra “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, unga kelib tushgan murojaatlar mualliflari bilan yakka tartibda suhbatlashildi va murojaatga oid holatlar aniqlashtirildi. Shuningdek, hibsxonada saqlanayotgan 100 nafarga yaqin shaxslar bilan jamoaviy va 15 nafarga yaqin mahkum bilan yakka tartibdagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati