Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va bolalarga qaratilgan jinoyatlarni tasniflash: samarali hamkorlik va muloqot yo‘llari
2024-yilning 21-23 oktabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda bolalarga qaratilgan jinoyatlarni tasniflash va ular bilan samarali hamkorlik va muloqot qilish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Bolalar ombudsmani Kotibiyatlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni xolis va to‘g‘ri tasniflash, jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashda davlat idoralari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda qatnashchilar turli amaliy mashg‘ulotlar orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan muloqot qilishning samarali usullari, ularni ruhiy, huquqiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini o‘rganishdi. Shuningdek, maishiy va oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va bolalarga qaratilgan jinoyatlar, gender tengligi, zo‘ravonlik oqibatlari, jabrlanuvchilarni himoya qilish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun idoralararo hamkorlik, agressorlar bilan ishlash uslublari bo‘yicha ko‘plab foydali maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Interaktiv usulda o‘zaro savol-javob va qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan 3 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Seminar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Umumiy manfaatlarni izlash Xalqaro notijorat assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qayd etish lozimki, ushbu xalqaro notijorat tashkiloti 50 dan ortiq davlatlarda filialiga ega bo‘lib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati