Belgilangan tartibga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Saylovchilarning ro‘yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuxrat Djurayev tomonidan Navoiy viloyatida mahkumlarning saylash huquqi va undan foydalanish tartibi bo‘yicha Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Videokonferens aloqa shaklida o‘tgan tadbirda Navoiy viloyatidagi 4, 5, 11, 12-son jazoni ijro etish koloniyalari va 36-son Manzil koloniyada xizmat qilayotgan 200 nafarga yaqin xodimlar ishtirok etishdi.
Taʼkidlanganidek, saylov kuni qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining maʼmuriyati mahkumlarning saylov uchastkasiga kirib chiqishi va xavfsizligini taʼminlashi, shuningdek, ichki tartib-qoidalariga rioya etishi uchun masʼul hisoblanadi.
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari mazkur muassasalarning maʼmuriyati bilan birgalikda saylovchilarni saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish jarayonlari, saylov o‘tkazish vaqti va tartibi hamda nomzodlar haqida xabardor qilib boradi.
Tadbirdan so‘ng, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili 4-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Shuningdek, ular bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazib, muassasa va ularga munosabat bo‘yicha fikrlarini o‘rgandi.
Shuningdek, koloniyaga o‘rnatilgan “Ombudsman qutilari” ko‘zdan kechirildi va murojaatlar qabul qilindi.
Shu kuni Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining tashabbusi bilan mazkur koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun Respublika Askiya markazi taniqli askiya sanʼati ustalari ishtirokida konsert va kulgi kechasi o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati