Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Xabaringiz bor, joriy yilning 19 avgust kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.

Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakatimizdagi uy-joy huquqini himoya qilinishi borasidagi qonunchilik va uning ijrosi, jumladan, uy-joyning arzonligi hamda yaroqliligi, xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari va majburiy ko‘chirish masalalarini o‘rganmoqda.

2024 yilning 20 avgust kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova maxsus maʼruzachi Balakrishnan Rajagopal hamda maxsus maʼruzachi kotibiyatining boshlig‘i Gunnar Teyssen bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid Urunov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) bo‘lim boshlig‘i Sattor Raxmatov, O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatovlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq mexanizmlar yaratilganligi va bu boradagi qonunchilik doimiy ravishda takomillashtirilib borilayotganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlanishicha, 2020-2023 yillar davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) turar-joy bilan bog‘liq masalalarda fuqarolardan 5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning ko‘rib chiqilishi natijasida  fuqarolar foydasiga 1 mlrd 305 mln so‘m kompensatsiya mablag‘lari undirilgan.O‘zaro muloqot davomida ushbu yo‘nalishda aholining huquqiy bilimlari va xabardorligini oshirib borish zarurligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan respublika bo‘ylab, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” tadbirlarining muhimligi  qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Bolalar ombudsmani vakillari ham ushbu masala yuzasidan chiqish qilishdi.

Suhbat davomida maxsus maʼruzachi Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonda fuqarolarning turar joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilinishining huquqiy asoslarini mustahkamlash, jumladan aholining kam taʼminlangan qatlamini uy-joy bilan taʼminlash borasida amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etar ekan, bu borada Ombudsman instituti faoliyatining dolzarbligiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Ombudsman institutlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati