Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Shahrisabz "Muruvvat" internat uyiga monitoring tashrifi amalga oshirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shahrisabz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar uchun internat uyiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring o‘tkazilgan kunda 350 o‘ringa mo‘ljallangan muassasada 326 nafar shaxslar mavjudligi aniqlandi.

Monitoring davomida internat uyida yashovchilarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish, kutubxona, yaqin qarindoshlar bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari hamda hududdagi boshqa sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, muloqotga layoqatli bemorlar bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

O‘rganish davomida “Muruvvat” internat uyi kutubxonasida 344 dona turli badiiy adabiyotlar mavjudligi hamda yaqin qarindoshlar bilan uchrashish uchun 2 ta xona ajratilgani ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, muassasa oshxonasidagi sanitar-gigiyenik holatlar o‘rganilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, binodagi eskirgan jihozlarni almashtirish, hududni to‘liq kameralashtirish, kutubxona fondini ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati