Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Toshturma”dagi holatlar Ombudsman tomonidan o‘rganildi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Toshturmadan nolalar” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabar Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, zudlik bilan Ombudsman Kotibiyati xodimlari tomonidan Jazoni ijro etish departamentining Markaziy hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirilgan holda o‘rganildi.

Monitoring davomida, ushbu hibsxonada saqlanayotgan 50 dan ortiq mahbuslar bilan uchrashilib, xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan so‘ralganda, ular suv bilan bog‘liq muammolar mavjud emasligi, belgilangan tartibga ko‘ra haftada bir marotaba cho‘milishlari hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatdan shikoyatlari yo‘qligini bildirdilar.

Shu bilan birga, monitoringda hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashashi, ovqatlanishi, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi holatlari o‘rganildi.

Monitoringda hibsxona ma’muriyati tomonidan u yerda saqlanayotgan shaxslarni doimiy ravishda suv bilan ta’minlash maqsadida uning hududida suv yetkazish uchun 2,5 atmosferali qo‘shimcha 12 ta artezian elektr nasoslari o‘rnatilganligi va barchasi soz holdaligi ma’lum bo‘ldi.

Qayd etish joizki, hibsxonada belgilangan me’yordan ortiq mahbuslar saqlanishiga yo‘l qo‘yilishi holatlari yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ul idoralarga muqaddam Ombudsmanning xulosasi kiritilgan. Unga ko‘ra, hozirgi kunda hibsxona hududida qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan va amaliy ishlar boshlangan.

Shunga ko‘ra, Ombudsman tomonidan hibsxona hududida qo‘shimcha bino qurish ishlarini tez orada boshlash va sifatli yakunlash zarurati yuzasidan murojaat kiritiladi.

Eslatib o‘tish joizki, joriy yilning 7 oyi mobaynida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan ushbu hibsxonaga amalga oshirilgan monitoring tashriflarida hamda “Ombudsman quti”laridan kelib tushgan murojaatlarda suv ta’minoti, tibbiy xizmat va me’yordan ortiq mahbuslar saqlanishidagi muammolar masalasida murojaatlar kelib tushmagan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati