Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari belgilanyapti.
Shuningdek, Ombudsmanning faoliyati to‘g‘risidagi maʼruza Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida Ombudsman tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalariga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, Ombudsman tomonidan har yili 15-martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruza taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi belgilanmoqda.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, uning muhimligini taʼkidlab, kiritilayotgan yangi normalar Ombudsman faoliyatini yana-da takomillashtirishga, uning inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni amalga oshirishdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdilar. Taklif va mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati