Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2024-yil 1-chorakda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va ularni ko‘rib chiqish natijalariga bag‘ishlangan BRIFING
2024-yilning 1-choragi davomida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 4195 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Murojaatlarning 16 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Murojaatlar gender belgilariga ko‘ra tahlil qilinganda, jami murojaatlarning 42,1 % xotin-qizlarga, 57,9% erkaklarga to‘g‘ri keladi.

Jami murojaatlarning 25,4% ijtimoiy, 24,2% iqtisodiy, 18,6% shaxsiy, 14,8 % harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, 9,4% fuqarolik va murojaat qilish huquqiga, 1,3% bola huquqlariga, 0,8% ekologik huquq va 5,5% boshqa masalalarga tegishli.  

Joriy yilning 1-choragida Ombudsmanning Murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga 3589 ta murojaat kelib tushgan. Bu jami murojaatlarning 83%ni tashkil etadi. Bugungi brifingda ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga to‘xtalamiz.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tashkilot hamda mansabdor shaxslarga 33 ta ta’sir chora shaklidagi hujjatlar kiritildi.

2024-yil 3 oyi davomida Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan mablag‘lar 299,4 mln.so‘mni tashkil etdi. Shundan, salkam 86 mln so‘m fuqarolarning  ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 85 mln 310 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar murojaatchilar foydasiga undirilgan.

Ombudsman murojaatiga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 52 mln so‘mga yaqin aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 2 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 3 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, murojaatchilarga 122 mln 400 ming so‘mga yaqin moddiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun subsidiya va boshqa turdagi moliyaviy yordam ajratilishida ko‘maklashildi.

Bundan tashqari, Qoraqolpog‘iston Respublikasida istiqomat qiluvchi oilaga moliyaviy ko‘mak sifatida 700 kg ko‘mir berilishiga erishildi.

5 ta holatda murojaatchilarning pensiya olish huquqi ta’minlandi.

Fuqarolarga 5 mln 805 ming so‘m miqdorida ishsizlik nafaqasi to‘lanishi ta’minlandi. 7 nafar fuqaro ishga tiklandi, 4 nafari ish bilan ta’minlandi, 2 nafar shaxsning ish joyi saqlandi.

Ombudsmanning so‘roviga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan sudlarga ishga tiklash va ish haqini undirish yuzasidan 4 ta da’vo arizalar kiritildi.

5 ta holatda ish beruvchini xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etildi.

2 nafar fuqaroning mulkini tasarruf etish huquqi ta’minlandi. 3 nafar fuqaroning turar joyi uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtirilida yordam berildi.

11 nafar fuqaroga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun yo‘llanma berilishi ta’minlandi. 3 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik guruhini belgilash va moddiy yordam olish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etildi.

3 nafar voyaga yetmagan bolalarni maktabga qabul qilinishida ko‘maklashildi. 5 nafar fuqaro “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritildi.

2 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqida Ichki ishlar bo‘limlari tergovchilari tomonidan qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish uchun yuborilgan.

2 ta holatda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ombudsman murojaatiga asosan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 9 nafar mas’ul xodimlari o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafar xodim esa egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Ombudsman so‘roviga asosan, vakolatli davlat organlari tomonidan mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlarida qonunbuzilish holatlari mavjudligi aniqlanib, 2 nafar mas’ulga “xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

6 nafar fuqaroning shaxsini tasdiqlashga oid hujjatlari rasmiylashtirilishida va chet elga chiqish huquqi ta’minlanishiga ko‘maklashildi.

Ekologik huquqlarni ta’minlash bo‘yicha Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarning o‘rganilishi natijasida 2 ta holatda huquqbuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 1 ta holatda MCHJ faoliyati ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi yuzasidan ogohlantirilgan.

Ombudsman so‘roviga asosan, tuman hokimligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarni buzdirilishi bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritilgan. Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi mahallalardan biridagi noqonuniy qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Fuqorolarning quvurlarni tozalash va tartibga solinmagan chorrahaga svetofor o‘rnatish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal etilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati