Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Qashqadaryodagi harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Davlat rahbarining 2021-yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

 

Shunga ko‘ra, 2024 yilning 13-16 mart kunlari Ombudsman va uning huzuridagi Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi Jamoatchilik guruhlari Qashqadaryodagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashrifini amalga oshirib, u yerdagi sharoitlarni o‘rganishdi.

Monitoringda shuningdek, senator va deputatlar, Ombudsman Kotibiyati xodimlari hamda “Madad” NNT va OAV vakillari ishtirok etishdi. 

3-son Jazoni ijro etish koloniyasiga o‘tkazilgan monitoring tashrifi davomida muassasaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, koloniyadagi "Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirildi.

O‘g‘lini ko‘rish uchun uzoq muddatli uchrashuvga kelgan ona bugun nabiralari bilan kelganini aytdi. “Muassasadagi sharoitlar yaxshi ekani sababli ko‘nglim xotirjam. Hozir nabiralarim otasi bilan o‘ynashyapti, ularga baliq pishirib bermoqchiman” dedi mahkumning onasi. 

Koloniyadagi ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan mahkumlar g‘isht zavodi, tikuvchilik, mebel va qog‘oz ishlab chiqarish sexlarida ishga jalb etilgan. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.

Oylik masalasida tikuvchilik sexida ishlovchi mahkumlardan biri bilan suhbatlashilganda, u koloniyaga kelgandan keyin shu kasbni o‘rgangani va unga ishbay asosida ish haqi to‘lanishini  maʼlum qildi.

Shu bilan bir qatorda, koloniyada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan mahkumlar murojaati holi tarzda qabul qilindi.

Shu kuni viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filialiga ham monitoring tashriflari amalga oshirildi. 

Ombudsman ushbu muassasalarga o‘tkazilgan avvalgi o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganiga alohida eʼtibor qaratdi. Jumladan, bir yil avval viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida binoning taʼmirtalabligi hamda sanitariya-gigiyena talablariga zid bo‘lgan kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar hamda yuvinish xonalarida issiq suvning yo‘q ekanligi kabi kamchiliklar aniqlangan edi. Monitoringda viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi boshqa binoga ko‘chirilgani va uning hududida bemorlarning sayr qilishi hamda toza havodan bahramand bo‘lishlari uchun keng hudud ajratilib, obodonlashtirilgan. Bino ichkarisi yaxshi taʼmirlangan, kerakli mebellar va tibbiyot jihozlari bilan taʼminlangani aniqlandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filiali esa Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra qayta rekonstruksiya qilinib, avval bildirilgan kamchiliklar bartaraf etilgani maʼlum bo‘ldi.

To‘rt kunlik tashrif davomida Qashqadaryo viloyatidagi 2- va 10-son JIEKlari, 5-son tergov hibsxonasi, 35- va 33 son Manzil-koloniyalari, Qashqadaryo viloyati IIB Maxsus qabulxonasi hamda reabilitatsiya qilish markazi, Qarshi shahri, Koson va Kitob tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Shaxrisabz ayollar muruvvat uyi va  qator boshqa yopiq muassasalardagi sharoitlar ham o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati